Qadimiy urf-odatlarimiz siri

An'analar va urf-odatlar

04.04.2018

Yangilikka o'ch va anchayin zamonaviylikka intilgan yoshlarimiz negadir keyingi paytlarda ota-bobolarimiz, buvilarimizning to'y marosimlaridagi azaliy urf-odatlariga shunchaki ko'r-ko'ronalik bilan yondashayotgandek tuyuladi. Aslida esa bu urf-odatlar tagzamirida milliy qadriyatlarimiz, o'zligimiz mujassam. Eng chiroyli kelin bo'lish yoki ko'rkam kuyov bo'lish bilan ertangi kun poydevori qurilib qolmaydi. Nega deysizmi?..

To'g'ri, diniy e'tiqodlar yuzasidan kelin kelganda olov atrofida aylanishi, zardo'shtiylik marosimlari bilan bog'liq urf-odatlardan biri. Biz to'y sayohatini ot-aravada o'tkazing demaymiz. Ammo to'y kuni kelinning poyondoz bosib ostonadan kirishi, hududlarga xos bo'lgan holda ta'zim qilishi, qaynona va qaynota qo'lidan ko'rmana olishi ham odatiydek tuyuladi. Biroq dahmaza ustiga dahmaza orttirib “uchar hashamatchilar” tomonidan o'ylab topilayotgan urf-odatlardan biror ma'ni topolmaysan kishi.

Chimildiq – hayo ostonasiga tutilgan baxt qo'rg'onidir. Buvilarimiz azaldan sarupolar avvalida niyat qilib avval chimildiq taxlashgan. Chimildiqni kashtalar bilan bezatib unga yaxshi niyat bilan o'g'il va qiz bolaning do'ppisi yoki biror kiyimchasini, tumorlarni osib qo'yishgan. Chimildiqning ikki tori – iplariga qo'sh qoshiqlar tugishgan; buning ma'nisi kelajakda shu ikki yoshning, oilaning rizq-nasibali bo'lishlarini tilash belgisidir. Tumor ko'zdan asrasa, o'g'il va qiz bolaning kiyimi farzand tilab turgan. Chillali uyda, chillali joyda tilangan barcha orzu niyatlar albatta ijobat bo'ladi. Qirq kunda uy to'ridan chimildiq yig'ib olinishining ma'nisi esa yangi kelin-kuyovni yot nazardan asrash bilan birga bad niyatli irimchilar xatlab o'tolmaydigan chegara vazifasini ham bajargan. Avvali Xudo asrasin. Bugun na yaxshi-yomonni, na do'st-dushmanni ajratolmaydigan bo'lib qolganimizga o'zimiz ham echim topolmayotgandekmiz. Bundan tashqari chimildiq marosimlaridan:

* Kelin-kuyovlarni ko'zgu qaratish; chiroq aylantirish; asal yalatish; kelinning etagiga bola berish odatlarining ham o'z ma'nosi bor.

Kelin-kuyovning bir oynaga qaratilishi bu asli shu diydor va shu qiyofaga ichilgan ont va qasamdir. Ko'z ochib ko'rganiga xiyonat qilganligi tufayli bugun qanchadan-qancha oilalarning buzilib ketayotganining sababi shu ontning buzilganidan. “Chiroq aylantirish”da esa kelin yangalar tomonidan quyidagi jumlalar aytiladi; “kuyov kelindan aylansin, kelin kuyovdan aylansin...” Bu – uzilmas mehr rishtasini yorug'lik bilan bog'lash demakdir. Mehrsiz-oqibatsiz oila bo'larmidi, siz nima deysiz.

Asal yalatish marosimi esa, “endi tilingdagi ma'nisiz, achchiq gaplarni unutgin, shirin til bilan bir-biringizga bog'laning” deganidir. Shirin til – jon ozig'i, achchiq til – bosh qozig'i” deb bejiz aytishmagan axir. Yoshlarimiz orasida anchayin “zamonaviy o'zg'irlik va ko'rk” so'kinishlardan yoqangni tishlaysan. Shirin tilning, yaxshi niyatning ijobat bo'lmas kuni bo'lmaydi.

* “It irillar”, “Kampir o'ldi” odatlari bir qadar qadimiy bo'lsa-da, keksa buvilarimiz “Kampir o'ldi”da “...shu kelin-kuyovlar bizlarning yoshimizga etib, qo'sha qarib yurishsin” deb irim bilan o'rin-joylariga yumalab berishgan. Hozir qo'sha qarish degan so'zdan xuddi siyqasi chiqqan gapday burun jiyiradiganlar ham topilar balkim, ammo buni oilasidan erta ayrilib ori-nomusidan judo bo'lganlar yaxshi bilishadi. Eh! Qo'sha qarib yashamoqda ma'ni ko'p.

* Chilla! Bu – kuzning yoki qishning chillasi emas. Bu kelin-kuyovning yomon ko'zlardan yiroq baxtli-taxtli yashab ketish uchun o'zlarini, qadamini biroz ayamoq deganidir. Chillani oyoqosti qilib baxtli bo'lganlar kam. Yotqarash yot nigohlardan o'zni biroz olib qochish, bosar-tusarini bilmay kechalari sandiroqlashdan tiyilish, chillali uyni nursiz, chiroqsiz yangi kelinni egasiz qoldirmaslik aslida unchalik qiyin ish emas. Katta hayot ostonasida turib zinhor va zinhor o'ylamay qadam bosmang, chilla bu asli himoyatdir. 

To’y ham qadriyat

Bugungacha respublikamizning asosan Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida saqlanib qolgan va urf-bo'lib kelayotgan “Boqon tutish”, “Bolqon tutish”, ya'ni to'y kuni ota uyidan olib chiqib ketilayotgan kelindan sovg'a olish (ba'zan bu odat kelin kuyovnikiga kirib kelayotgan mahalda ham amalga oshiriladi) odatidir. Ba'zan bu odatni qizlarini shunday berib yuborishni istamagan xotin-xalaj va yosh bolalar ham amalga oshirishgan.

Buning asl ma'nisi esa o'sha kelin bo'lib ketayotgan qizda ko'ngli bo'lgan, qizni yot elga, yot manzilga uzatishni istamagan ginador yigitlarning “qaroqchilik”laridir. Bunda asosan kelin olib chiqib ketilayotgan yo'lga arqon tutib yo'l to'siladi. Bu “o'lpon” oddiy qo'lro'mol, belbog' va ozroq pul tarzida to'lanadi.

Bu bir qarashdan yo'lto'sarlikka o'xshab ko'rinsa-da, asl ma'nisi: qadim qadriyatlarimizda yaxshi qizni yotga ko'zi qiymaslik. Kichik “to'lov” bilan qizning qadrini oshirish deganidir. Tilini tishlab qolgan oshiqlar esa o'zidan ko'rsin... 

Yuzga un surish odati

Bundan tashqari respublikamizning ko'pchilik hududlarida keksa quda buvilar, quda xolalarimizni to'y kuni qarshilab ostonadan kutib olgan ikkinchi quda tomonning ayollari kelganlarning yuzlariga un surib, quchoq ochib kutib olishadi. Bu kutib olish; amma-yu, xolalar, kelin yangalarning “siylov”i bo'lsa-da, asl ma'nisi: “quda bo'lib yuzi oq, yuzi yorug' bo'lib ko'rishib yuraylik” deganidir.

Sahifa bilan ulashish

Xizmatda bo'lganlar