Asal oyimi yo chilla ?!

Siz nima deysiz?...

02.05.2018

Tabiiyki, oila poydevorining tayanch ustuni mehr-muhabbat asosida quriladi. Oshiq ko'ngillarning intiq visoli, o''zaro munosabatlarda er-xotinlik poydevorini mustahkamlashda kelin-kuyovlar uchun to'ydan keyingi ilk davr muhim hisoblanadi. Bugungi kunda tilimizga anchayin o'rnashib qolgan “Asal oyi”ning urf-odatlarimiz va e'tiqodimiz nuqtayi nazaridan joyiz, nojoyizligi haqida o'ylab ham ko'rmaymiz. Aslida esa bu davr ota-bobolarimiz tilida “Chilla” davri deb atalgan va yangi kelin kuyovni imkon qadar yomon ko'zlardan asrash uchun ehtiyotkorlik va sinov davri hisoblangan. Keyingi paytda “Asal oyi”ning ortidan kelib chiqayotgan dahmazayu g'alvalarning ko'pini milliyligimizga mutlaqo yot qarashlar va dabdabalarga zo'r berilishi ko'pchilikni zo'riqtirib qo'yayotgandek.

Yangi kelin-kuyov uchun aslida asal oyi kerakmi?!

Aqlan va ma'nan teran mushohada qiladigan bo'lsak, bu davr o'zining zohirdan ko'ra botiniy jihatlari bilan sirli bo'lishi lozim. Shu o'rinda yangi kelin tushgan uydagi xonadon egalari – qaynota va qaynona ham bu davrda biroz ko'zini olib qochib bo'lsada, yosh oilani mustahkamlash yo'lida beminat o'z hissalarini qo'shishi lozim. Yangi oila bilan ilk muomala va munosabatlarga kirishgan kelinda esa hayo va izzat-hurmat, lutf va takalluf o'z o'rnida yangi kelinning bezagi va ko'rki hisoblanadi.

Chinakam Otabek va Kumush muhabbatining o'zbekona timsoli bo'lish uchun esa bugungi kelin-kuyovlarimiz avvalo bir-birlariga ehtirosdan ko'ra e'zozni tanlab yon berishga odatlanishganlari ma'qul.

Aslida esa yangi kelin-kuyovning qirq kunlik chillani buzib yo'lga otlanishi, ortiqcha xarajat kimga kerak? Mol-davlati oshib toshganning havasi desang havasga o'xshamaydigan, qushday iniga o'rganmay turib uchishga otlangan polaponlarning qanoti sinmaydi deb kim ayta oladi. Axir yangi kelinga kim suqlanib qaramaydi deysiz. Qo'nim topmagan kuyovning qo'nimsiz nigohidan, tugamagan “ishq ertaklari”ning oh-vohidan jabr topganlar qancha.

Xalqimizda bekorga jabr ko'rganni ham jabrdiyda deb atamay “sir ko'rdi” deb aytishmagan. Bu sir – oshkor tutilmagan “sir”ning jarbga aylangan zulmidir. Qanchadan-qancha hoyu-havas ortidan vayron bo'lgan va buzilgan oilalarning siri oiladan, ro'zg'ordan tashqariga chiqsa bilingki, bu o'ylab yo'lga chiqilmagan sayohat va buyurmagan xarajatdir.

Shu o'rinda qirq kunlik chilla davrini ixlos bilan o'tab himoya qilmagan bir kelinning hasratlarini keltirib o'tmoqchi edim:

- O'shanda juda yosh edim. Rosti chilla davrining asl ma'nisini ham tushinib etmaganman. Qaynonam yangi kelin menga qattiq tayinlab shu qirq kun ichida kelinlik uyimda chiroq yonib turishi lozimligi va o'chirmaslikni tayinlagandi. Yangi kuyov erimning esa kechqurungi kelin to'ylarga boshlovchilik qiladigan odati bor edi. Havas ortidanmi bilmayman, erimning chilla ichida ham bu havas ortidan elib-yugurishlariga moddiy qiyinchilik sabab bo'lgan ham deyolmayman. Sababi men kelin bo'lgan oila o'ziga to'q xonadonlardan edi. Erim esa “onam bilmasin, chiroqni o'chirib qo'y, baribir yangi kelin-kuyov bo'lganimiz uchun mening uyda bor-yo'qligimni bilish uchun kechasi tergab so'roq qilishga istixola qiladi. Aytma faqat” deb deraza oynasidan xufyona oshib chiqib ketardi. Chillalik qirk kun ichida to'ylar mavsumi bo'lganligi uchunmi bunaqa qochishlarning o'zim boshida turganman. Intiq bo'lib erimning uyga tezroq qaytishini yuragimning har zarbida kutgan kunlarim bugun armonga aylandi. Shunday kunlarning birida erim qattiq xastalandi. Qorong'uda qora bosib yurgan kuyov chiroqsiz yo'lda yo'lini yo'qotdi. Yangi oiladagi bunday bezovtalikni boshqalardan yashirish uchun qaynonam qanchalik bel bog'lamasin, bu oilaviy sir bo'lib qolmadi. “Isitma o'z dardini oshkor qildi”.

Falonchining kuyov bo'lgan o'g'li deyishsa koshki, meni ham qo'shib ayblanganlar ham haq ekan nazarimda. Biz aslida qirq kunlik chillani emas, o'z oilamizni buzib qo'ygan edik. Erim sog'ligidan ayrildi, men esa halovatimdan. Qaynonam bechoraning rom ochirmagan joyi, so'roqlab dam solib o'qiydigan mulla axtarmagan joyi qolmadi. Ota-onam-ku, o'sha kunlarda naq bedor tunlarning soqchisiga aylanishgandi.

Qum o'ynab qumdan uycha qurib buzgan boladek bolalik – yoshlik qilib qilgan ishimiz esa bir oilani buzganimiz bo'ldi.

Qani endi buzilgan me'yorlarni yurakdagi armonlar zahridan holi qayta tiklab bo'lsa. Chilla davri, chillaning oti bekorga chilla emas. Vaqtida o'z baxtingiz va naqdingizning qadriga eting. Axir umr hammaga bir marta beriladi. Asal oyining zahri ko'nglingizda qolmasin”.

Hayotiy me'yorlar, ijtimoiy echim va qadriyatlarimiz bugun oila qurayotgan yoshlarimizga to'laligicha etkazib berilmas ekan bunday xatolarning qayta takrorlanmasligiga hech kim kafolat berolmaydi.

Asaldek totli hayotingizni o'zingiz asrang!..

Sahifa bilan ulashish