Yalmog'izmi yo kelin ?!

Siz nima deysiz?...

02.05.2018

Go'zal va latofatli kelinlarimizning nozik barmoqlari ham go'zallik timsolidir. Aynan kelinlik obrazini to'ldiruvchi nozik barmoqlarning tabiiy yoki suniy tirnoqlar bilan uzaytirilib parvarish asosida bezatilishi (manikyur)dan keyin qo'llar yanada jozibaliroq ko'rinadi. Agarda u sizning o'z tirnog'ingiz bo'lsa to'ydan keyin olib tashlaganingiz ma'qul. Sababi siz kelinlikning ilk davrlaridan boshlab xonadon bekasi sifatida uy-ro'zg'or ishlari bilan band bo'lasiz. Ro'zg'or ishlari esa hamisha ozodalik va saranjomlikni, odatiy tartibni taqazo etadi. Diniy e'tiqodimizga ko'ra ham uzun tirnoqlar nojoizdir.

Agarda siz qo'ygan tirnoqlar sun'iy bo'lsa unda to'y tugab kelinlikning oq libosini almashtirayotganingizda tirnoqlardan vaqtida xalos qiluvchi kerakli eritmalar o'zigizda bo'lishiga alohida e'tibor bering. Buni misol keltirishimga asl sabab bir voqelikni sizga misol qilib keltirib o'tmoqchiman:

O'shanda musiqa maktabida musiqa ilmidan yoshlarga saboq berardim. Shunday kunlarning birida hamkasbimiz Shahnoza ismli qizning to'yi bo'ladigan bo'ldi. Rosti bu tabiatan samimiy so'ziyam, o'ziyam odobli o'qimishli kelinning kelinlik liboslari ham did bilan tanlangandi. Odatiy tartibga ko'ra yonida turgan dugonalar bo'lib Shahnozani kelin liboslari salonida bezatishga olib bordik. Shahnoza bezanib oq libosini kiyganida judayam ochilib ketdi. Navbat esa uning kalta tirnoqlarini uzunlatish uchun tirnoqlar o'rniga sun'iy uzun tirnoqlarni o'rnatish gali kelgandi. Bu ishni salondagi biz mutaxasiss deb bilgan xodima super elim bilan amalga oshirganida rosti biroz kalovlanib qoldim. O'zingiz bilasiz, super elim deganlarini biron narsagani yopishtirishga ishlatadigan bo'lsangiz ko'pincha uni qayta qo'porib olish niyatida amalga oshirmaysiz. Ajablandim, (nima ertaga tirnoqlarni qozonga qaynoq suvga botirib qo'porib olisharmikan?) degan xayoldan biroz istiholaga ham bordim. Ammo, shunday go'zal kelinning ro'parasida turib bir og'iz nojo'ya gap gapirishning o'zi maloldek tuyulardi.

To'y bo'ldi, to'y bo'lgandayam dabdaba va hashamatga to'la ajoyib to'y bo'lib o'tdi. Kech kirib qolganligi sababli qorong'ida yo'lga chiqishga biroz ikkilanib turgan ham edikki, kelinning qaynonasi jonimizga oro kirib “ertalab ketasizlar qizlarim, buguncha mehmonimiz bo'ling, qolaversa ertalab “Kelin salom”da dugonangizning yonida turganingiz ma'qul” dedi. Biz qoladigan bo'ldik.

Tong otib endi ko'zimizni ishqalab uyqudan turganimizda esa hovlida tumonat xotin-qizlar “Kelin salom”ga yig'ilishgan ekan. Bizdan oldin bezanib-tuzanib hovliga chiqqan kelin Shahnoza esa aytilgan har salomga egilib-egilib salom berardi. Kelinning uyi ham, oyog'ining osti ham sovg'a-salom bilan to'lganida endi navbat qaynotasiga choy quyib uzatish gali kelgandi. Odatga ko'ra bu manzirat uchun qaynota yangi keliniga sovg'a berishi kerak ekan. Choynakda choy kelib yuziga xarir parda tashlangan kelin qaynotasiga choy uzatar mahal rosti ko'nglimda xavotir uyg'otgan xunuk xato yuz bergandek bo'ldi. Kelin hali suniy uzun tirnoqlarini olib tashlamaganligi sababli avvaliga choy quyishga ham rosa qiynaldi. Piyolaga choy quyib ham tirnoqlari xalaqit berib piyola chetidan ushlab piyolani qo'lida tuta olmadi. Iloj-noiloj buning ham chorasini topdi shekilli, kelin kaftining ichiga piyolani qo'yib qaynotasiga uzatdi. Uzatilayotgan piyola chetidan esa beshta suniy tirnoq yalmog'izning tirnog'idek beo'xshov o'xtalib turgandek tuyulardi. Kelinning choy uzatishga qiynalayotganini ko'rgan atrofdagi xotin-xalaj “ha mayli, tirnog'ini olmagan ekan-da” deb bir-birlariga pichirlashdi. “Ha mayli” deb bir so'z bilan ayab kechirilgan kelinning bu beo'xshov choy uzatishi bir umr ko'z o'ngimdan ketmay qoldi. Rosti xolisona atrofdan baho bergan kishi bu yalmog'izmi yo kelin degan bo'lar edi.

Bu voqelikni misol keltirishimga sabab avvalo uzun tirnoqlarni tanlamang, agar to'yga yaqin uzaytirmoqchi bo'lsangiz ham me'yoriy uzunlikka amal qiling. Uzun tirnoqlardan esa vaqtida qutuling. Axir siz, go'zallik timsoli farishtamonand kelinsiz. Shunday emasmi?..

Sahifa bilan ulashish

Xizmatda bo'lganlar