Sovchilik odati

An'analar va urf-odatlar

02.05.2018

Sovchilik urf-odati ko'pchilik mamlakatlar va xalqlarda turlicha bo'lishi mumkin. Ko'pchilik qardosh davlatlarimizda bu ish “Qiz olib qochish” orqali amalga oshiriladi. Ammo bugun ko'ngling istagan qizni olib qochadigan zamon ham emas, qonun va hayotiy qoidalar bor axir. Qardosh, jondosh bo'lganimiz holda o'z urf-odatlarimiz bilan ajralib turishimizning ham o'z hikmati bor. Ko'pincha sovchilikka qadimdan erkak kishilar borgan bo'lsa, ko'pincha bu ishni ayollarimiz amalga oshirganining ham guvohi bo'lganmiz. Zamonaviy yoshlarimizning ko'pchiligi esa sovchilarga ish ham qoldirmay ko'ngil qo'yganiga etishishni o'z qo'liga olishga intiladi. Ammo hayotiy me'yorlarning ham o'z tosh-tarozisi bor. O'ylab qilinmagan tanlov, ko'ngilning hoyu-havaslari ba'zan bir oilaning ikkinchi oila bilan muomala va odob, moddiy va tabaqaviy me'yorlarga ko'ra mos kelmasligiga ko'plab misollar keltirishimiz mumkin. Shuning uchun avvalo oila mustahkamligiga ishonch hosil qilgan holda ko'nglingizga erk bering.  Ortingizda ota-onangiz rozi-rizoligi va bir oila sha'ni borligini aslo unutmang.

Xalqimizda ko'pincha tanlangan qizning uyiga sovchilikka borgan elchi-sovchilardan “bo'rimi, tulki?” deb so'ralgan. Agar sovchilikdan qaytgan sovchilar “Bo'ri” deyishsa bu qiz tomonning roziligini, “tulki” bo'lsa ish bitmay qiz tomonning borgan sovchilarni aytilgan yigit va oilaga tanlangan qizlarini berishga rad javob berib norozi qaytargani belgisi bo'lgan. Nima bo'lganda ham “elchiga o'lim yo'q”.

Respublikamizning ko'pchilik viloyat va hududlarida ko'pincha bir marta borgan sovchiga birdaniga rozi bo'lib qiz berish beandishalik sanaladi. Ikki marta borsa bu mulozamat, uch marta borsa izzat sanalgan. Ammo sovchilarning tilini osiltirib ha deb eshigiga qatnattirayvergan kishi ham kibri sabab qizining baxti yoki baxtsizligiga o'zi sababchi bo'lib qolishi mumkin. Ko'pincha bu urf-odatdan bexabar boshqa joydan kelgan sovchilar bir marta borganda o'zlari so'rab borgan qizni berishmasa arazlab ketgan joylari ham ko'p bo'lgan.

Nima uchun sovchilar qadim-qadimdan oilaning eng ishongan qarindosh urug'i, yoki mahallaning eng ko'zga ko'ringan obro'li kishilaridan tanlangan. Buning sababi ba'zan sovchilar ishni teskari bitirib, boshqa yigitning nomidan sovchilikka borgan mahallari ham bo'lgan. Tabiiyki hech kim sovchilikdan quruq qaytib elda obro' topmagan. Shuning uchun ham avvalo sovchida adolat va lafzga sodiqlik. Muomala munosabatda ham o'zg'ir va gapdon kishi bo'lishi lozim. So'zga abjir, so'zamol kishilarning bitmaydigan ishni bitirib, so'zni maromiga keltirib qo'yadigan odatlari bu borada ko'pincha qo'l keladi.

To'g'ri, avvalo yoshlarning ham bir-birida ko'ngli bo'lishi lozim, bu taqdir o'yinlarida sevishib etolmagan, sevishmay turib baxtli bo'lib ketgan ko'plab oilalarni misol keltirishimiz mumkin.

Yana qoyil qolarli va ajablanarlisi zamonaviy yigitlarimizning sovchilikni o'zlari bajarib qaynota yoki qaynonasining oldiga o'zi borishidir. Balki bu ham ish berar, ammo uyat va andisha, hayo va odob faqat kelinningina emas, kuyovlarning ham bezagidir. Bunda siz bir oila sha'nini hissiy da'volaringiz bilan oyoq osti qilib xato qilishga urinmang. Sababi siz yigit kishisiz, to'g'ri, balki chindan ham siz qat'iyatli va bir so'zlidirsiz, ammo yigit sha'ni oyoq osti bo'ladigan qadr-qimmat emas. Bu o'rinda albatta kattalar bilan maslahatlashgan holda bosiqlik bilan ish bitirganingiz ma'qul.

Sovchi kelgan qiz qaysidir hududlarda yuz ko'rsatishi uyat hisoblansa, respublikamizning ko'pchilik hududlarida albatta so'rab kelingan qiz kelgan sovchilarga choy olib kirib uzatishi va o'zini ko'rsatishi odat tusiga kirgan.

Saytimizning Sizga tilagi esa: Ilohim borgan sovchingiz ostonadan quruq qaytmasin, Yaratgan in'om etgan baxt va baxtiyorlik sizga nasib etsin!..

Sahifa bilan ulashish

Xizmatda bo'lganlar