Kelinlar guldastasi

Floristika

06.04.2018

Ko'pchilik mamlakatlarda gullar ramziy ma'nosiga ko'ra turlicha urf-odat va his-tuyg'ularni ifodalaydi. Oltin atirgullar ulug'vorlik, qizil gullar esa ehtiros va chinakam sevgi timsoli va izhori sanalsa, oq atirgullar beg'uborlik va poklik ifodasi, visol tantanasi hisoblanadi. Ko'pincha kelinlarimiz negadir ko'proq atirgullarni tanlashadi. Buning sababi atirgulning qat-qat gulbarglarida dil izhori yashiringandek. 2018 yilda ham ko'tarinki kayfiyat bag'ishlovchi bahoriy gulg'unchalar va tovlanuvchi zangor yaproqlar bilan hamohanglikda tuzatilgan va bezatilgan atirgullar urfga kirmoqda.

Shuni unutmangki, oq atirgullar aynan sizning oq va qaymoqrang rangli kelin ko'ylagingiz rangi va jozibasini to'ldirib turuvchi gullardir.

Gul tanlaganingizda imkon qadar uch xil turdagi gullardan tuzilgan guldasta tanlamang, gullar turiga ko'ra ikki xildan oshmagan bo'lishi lozim.

Ko'tarilib, shishib turuvchi kelin liboslari, to'ladan kelgan kelinlarimiz uchun katta guldastalar qo'pol ko'rinadi.

Bo'yi past kelinlarimiz esa unchalik katta bo'lmagan aylana shakldagi guldastalarni tanlaganlari ma'qul.

Bo'ylari baland kelinlarimizga esa uzun bog'lamli va gulshokilali guldastalarni tanlashni tavsiya etamiz.

Bundan tashqari to'y kayfiyati va kelin obrazini to'ldirib turuvchi guldasta va gul to'plamlarini bezatishda lentali bog'lamlar, qadama toshlar, purkama zarlar va munchoqlarni tanlashingiz mumkin. Ko'pincha asl mutanosiblikni atrofdagi yaqin dugonalaringiz va ko'zgu aytadi.

Sahifa bilan ulashish